Maxfiylik siyosati
Oxirgi yangilanish: 2026-yil 6-noyabr. Bu sahifa Dental Kabinet qanday ma'lumot saqlashini, uni qayerga yuborishini va kim ko'rishini tushuntiradi.
Xizmat egasi
Dental Kabinet — «MARDONTECH» MCHJ xizmati (MARDONTECH, MASULIYATI CHEKLANGAN JAMIYAT), Toshkent shahri, Yangihayot tumani. Bu sahifadagi «biz» — shu kompaniya. Maxfiylik bo'yicha savol va so'rovlar uchun: support@mardontech.uz.
Kim ma'lumot egasi
Bemor ma'lumotlari klinikaga tegishli. Biz ularni klinika nomidan saqlaymiz. Har bir klinikaning ma'lumoti alohida ajratilgan: bir klinika boshqasining bemorini, tashrifini yoki to'lovini hech qachon ko'rmaydi. Bu ajratish dasturning eng pastki qatlamida, har bir so'rovda ishlaydi.
Nima saqlanadi
Klinikaning kartotekasida:
- Bemor: ism, telefon raqami, tug'ilgan sana, jinsi, klinikaning o'z izohi.
- Tashriflar: sana, shifokor, shikoyat va tashxis, ko'rsatilgan xizmatlar va narxlar, retseptlar, tish kartasi.
- To'lovlar: summa, usul (naqd/karta/o'tkazma), sana.
- Xodimlar: ism, telefon raqami, roli.
Bemorning o'z hisobida — bu klinikadan yuqorida turadi va bitta odamga tegishli:
- Telefon raqami, ism, tug'ilgan sana, jinsi, tanlangan til.
- Telegram chat identifikatori — faqat kirish kodini yuborish uchun.
- Bildirishnoma uchun qurilma belgisi (ilova o'rnatilgan bo'lsa).
Nima saqlanmaydi
Telefoningizning joylashuvi saqlanmaydi. Xaritada yaqin klinikalarni masofa bo'yicha tartiblash uchun koordinata so'rovga qo'shib yuboriladi va javob qaytgach yo'qoladi — u hech qayerga yozilmaydi. Joylashuvni bermasangiz ham xarita ishlaydi, faqat masofa ko'rsatilmaydi.
Biz to'lov kartasi ma'lumotini olmaymiz va saqlamaymiz. Ilovalarda to'lov ekrani yo'q.
Nima qayerga boradi
- Telegram — bitta bot, @dentalkabinetbot, bizniki. U kirish kodini yuboradi — xodimga ham, bemorga ham. Klinika Do'kondan buyurtma bersa, bot buyurtmani jamoamizning yopiq Telegram guruhiga yuboradi: klinika nomi, manzili va telefoni, buyurtma bergan xodimning ismi va raqami, mahsulotlar va summa. Eslatma ham, bemor haqidagi yoki tibbiy ma'lumot ham bot orqali ketmaydi.
- Bildirishnomalar — o'rnatilgan ilovaga Google (Firebase Cloud Messaging) va Expo xizmati orqali yetkaziladi. Bildirishnoma matnida qabul vaqti va klinika nomi bo'lishi mumkin; tashxis yoki retsept yuborilmaydi.
- Railway (Yevropa) — server va ma'lumotlar bazasi.
- Vercel — brauzerdagi ilova va shu sayt.
- Xarita — xarita tasvirlari tashqi xizmatdan yuklanadi. Unga qaraladigan joyning koordinatasi boradi, bemor haqida hech narsa bormaydi.
Ma'lumot reklama uchun ishlatilmaydi, sotilmaydi va boshqaga berilmaydi.
Xatoliklar haqida
Dastur ishlamay qolsa, xatolik matni va u qaysi ekranda yuz bergani bizga yoziladi — tuzatish uchun. Bemor kartasining mazmuni bunga kirmaydi.
Bemor nimani ko'radi
Bemor o'z ilovasida faqat o'zining ma'lumotini ko'radi: qabullari, tashriflar tarixi, retseptlari va har bir klinikada qolgan summasi. Bir odam uch klinikada davolansa, uchalasini bitta ilovada ko'radi — chunki hisob odamga tegishli, klinikaga emas.
Klinika bemor haqida yozgan ichki izoh bemorga ko'rsatilmaydi. Bemor o'z ismini, tug'ilgan sanasini va jinsini ilovada o'zgartira oladi — bu hisobdagi ma'lumot. Klinikaning tibbiy yozuvini bemor o'zgartira olmaydi.
Bir bemor, bir nechta klinika
Bemor hisobi odamga tegishli, klinikaga emas — shuning uchun uch klinikada davolangan odam uchalasini bitta ilovada ko'radi. Bu bemorning o'zi o'z yozuvini o'qiyotgani, klinikalar bir-biri bilan ma'lumot almashayotgani emas.
Davolash tarixi klinikadan chiqmaydi. Bir klinika boshqasining tashrifini, tashxisini, retseptini, tish kartasini yoki to'lovini ko'rmaydi va bemorning boshqa klinikaga borgan-bormaganini ham bilmaydi.
Yangi klinikaga yozilganda nima o'tadi. Faqat hisobingizdagi ma'lumot: ism, telefon raqami, tug'ilgan sana, jinsi va Telegram'dagi ismingiz — chunki qabulga yozilish shuni bildiradi. Boshqa klinikadagi davolash tarixingiz u bilan birga ketmaydi.
Ma'lumotni olish
Klinika so'rasa, biz uning barcha ma'lumotini .zip faylda beramiz. Buning uchun to'lov talab qilinmaydi va sabab so'ralmaydi.
O'chirish — va nimani o'chirib bo'lmaydi
Klinika to'xtasa, xodimlar tizimga kira olmaydi va yangi qabullar qabul qilinmaydi. Davolash tarixi o'chmaydi: bemorlar o'z retseptlari va tashriflarini ilovada ko'rishda davom etadi, chunki bu ular haqidagi tibbiy yozuv.
Bemor o'z hisobini o'chirsa, kirish huquqi, Telegram ulanishi va ilovadagi ma'lumotlari ketadi. Klinikadagi tibbiy yozuv qoladi — klinika davolash tarixini saqlashga majbur, va u yozuv klinikaniki. Shu raqam bilan qaytadan ro'yxatdan o'tilsa, o'sha klinikalar yana ulanadi. «Mening ma'lumotimni o'chiring» degan talab yozuvni saqlayotgan klinikaga qaratiladi.
Aloqa
Elektron pochta: support@mardontech.uz. Telefon va Telegram: aloqa sahifasi.